MISS in Lumbar Spine: Basics and Principles of UBE and Tubular Surgery
2026-yil 1–2-may kunlari Toshkent shahrida XPmed Academy va WFNS Spine Committee bilan hamkorlikda «MISS in Lumbar Spine: Basics and Principles of UBE and Tubular Surgery» xalqaro konferensiyasi va amaliy (hands-on) ustaxonasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Tadbir umurtqa pogʻonasi jarrohligi, neyroxirurgiya va minimal invaziv texnologiyalar sohasidagi yetakchi mutaxassislarni bir joyga jamladi.
Konferensiyaning umurtqa pogʻonasiga bagʻishlangan boʻlimida Oʻzbekistonning turli hududlari va xorijiy davlatlardan 100 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Tadbirning asosiy maqsadi — umurtqa pogʻonasiga oid zamonaviy minimal invaziv aralashuvlar, jumladan UBE (Unilateral Biportal Endoscopy), tubular surgery hamda minimal invaziv dekompressiya (MID) usullari boʻyicha amaliy va nazariy bilimlarni kengaytirishdan iborat boʻldi.
Ikki kun davomida ishtirokchilar bel-umurtqa pogʻonasi patologiyalarini davolashning zamonaviy yondashuvlari, dekompressiya va stabilizatsiya texnikalariga bagʻishlangan maʼruzalarni tinglashdi, shuningdek, giperrealistik simulyatorlarda amaliy hands-on ustaxonada ishtirok etishdi.
Quyidagi mavzularga alohida eʼtibor qaratildi:
umurtqa pogʻonasi jarrohligidagi zamonaviy endoskopik texnologiyalar;
UBE va tubular surgery uslublarining asosiy tamoyillari hamda anatomik mezonlari;
minimal invaziv usullarning klinik amaliyotga xavfsiz integratsiyasi;
murakkab klinik holatlarning tahlili va muhokamasi.
Konferensiya tajriba almashish, kasbiy muloqot oʻrnatish va Oʻzbekistonda zamonaviy umurtqa pogʻonasi jarrohligini rivojlantirish uchun muhim maydonga aylandi.